Yangiliklar
  • 02 12, 2021

Prokuraturada ochiq eshiklar kuni

Yurtimizda jadallik bilan olib borilayotgan islohotlarga hamohang tarzda prokuratura organlari faoliyati ham takomillashtirib borilmoqda.
 
Bugungi kunda prokuratura organlari tizimida ochiqlik, shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Shunday tadbirlardan biri sifatida Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan prokuratura organlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan joriy yilning 1 dekabr kuni yosh va bo‘lajak huquqshunoslar uchun “ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilib, unda Sirdaryo viloyat yuridik texnikumi talabalari va ustoz-murabbiylari ishtirok etishdi.
 
Viloyat prokurori Shoxrux Aminov talabalar bilan uchrashuv o‘tkazib, unda prokuratura organlari tizimi, uning tarixi va bugungi kundagi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
 
Uchrashuvda prokuratura faoliyatiga oid videomateriallar namoyish qilinib, talabalarning sohaga oid savollariga javob berildi.
 
Talabalar viloyat prokuraturasining ayrim tarkibiy tarmoqlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirilib, prokuratura organlarida ish yuritish tartibi, qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish, tergov faoliyati hamda kriminalistik texnik vositalarni amaliyotda qo‘llanishi bo‘yicha ko‘rgazmali tarzda tushuntirishlar berildi.
 
Tadbir yakunida viloyat prokuraturasi tomonidan talabalarga maxsus esdalik sovg‘alar berilib, ta’lim muassasasi kutubxonasi uchun kitoblar sovg‘a qilindi.