Yangiliklar
  • 26 06, 2024

Kredit to'lovlaridan bo'yin tovlaganlik haqida ma'muriy jazolar.

Kredit mablagʼlarini oʼz vaqtida toʼlamaslik? Undiruvni garov mulkiga qaratilishiga sabab boʼladi!

Bank tomonidan tadbirkorga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʼullanishi uchun shartnoma asosida 500 000 000 soʼm miqdorida kredit mablagʼi ajratilgan, tadbirkor esa kredit va uning foizlarini shartnomada belgilangan tartibda va muddatda qaytarish majburiyatini olgan. Shuningdek, kredit mablagʼlarini qaytmaslik xatarini olish maqsadida garov taʼminoti sifatida tadbirkorga tegishli avtomashina va yer uchastkalari hamda bino, inshootlar garovga qoʼyilgan. Аmmo qarz oluvchi tadbirkor kredit shartnomasi shartlari va shartnomaning ajralmas qismi boʼlgan muddatli majburiyatnoma (toʼlov grafigi) boʼyicha oyma-oy toʼlab borish majburiyatini olgan boʼlsa-da, biroq belgilangan muddatlarda grafik boʼyicha muddati kelgan kreditning asosiy qarz va foizlarni oʼz vaqtida toʼlamasdan bir necha bor kechiktirib kelganligi natijasida 2023 yil 26 oktyabrь kuni holatiga grafik boʼyicha muddati oʼtgan 131 800 000 soʼm asosiy qarz va unga hisoblangan 35 400 000 soʼm foiz qarzdorligi yuzaga kelgan. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 744-moddasini birinchi qismiga koʼra kredit shartnomasi boʼyicha bir taraf - bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablagʼlari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar toʼlash majburiyatini oladi.
Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 735-moddasi birinchi qismiga muvofiq qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.
Taraflar oʼrtasida tuzilgan kredit shartnomasining 2.4-bandida kredit asosiy qarzi yoki hisoblangan foizlar toʼlovlari muntazam kechiktirib toʼlanganda, kredit qaytarish jadvali asosida toʼlov uch yoki undan ortiq marotaba buzilganda kreditor kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, kredit qarzdorligini undirish choralarini koʼrish huquqiga ega.
Oʼzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 736-moddasining ikkinchi qismida, agar qarz shartnomasida qarzni qismlab (boʼlib-boʼlib) qaytarish nazarda tutilgan boʼlsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqliligi belgilangan.
Oʼzbekiston Respublikasi “Ipoteka toʼgʼrisida”gi Qonuni 36-moddasi birinchi qismiga koʼra ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi, xususan, qarz summasi toʼlanmaganligi yoxud oʼz vaqtida, toʼliq yoki qisman toʼlanmaganligi natijasida vujudga kelgan, ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan talablarni ipoteka toʼgʼrisidagi shartnoma boʼyicha garovga qoʼyilgan mol-mulk hisobidan qanoatlantirish uchun undiruvni, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʼlsa, shu mol-mulkka qaratishga haqli.
“Qarz oluvchi” kredit shartnomasi boʼyicha oʼz zimmasiga olgan majburiyatlarni lozim darajada bajarmaganligi, unga ajratilgan kredit va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan miqdor va muddatlarda toʼlamaganligi hamda kreditor tomonidan qarzdorliklarni toʼlab berish yuzasidan yuborilgan talabnomalarni oqibatsiz qoldirganligi sudga taqdim etilgan dalillar bilan oʼz tasdigʼini topgan.
Yuqorida qayd etilgan qonun normalariga koʼra, sud tomonidan bankning daьvo talablari qanoatlantirilib, tadbirkordan bank foydasiga 131 800 000 soʼm asosiy qarz va unga hisoblangan 35 400 000 soʼm foiz qarz va oldindan toʼlangan 33 000 soʼm pochta xarajatini undirish, undiruvni tadbirkorga tegishli boʼlgan 2022 yil 9 avgust kungi ipoteka shartnomasiga asosan garovga qoʼyilgan avtomashina va yer uchastkalari hamda bino, inshootlarga qaratish hamda tadbirkordan Respublika byudjetiga 3 344 000 soʼm davlat bojini undirish haqida hal qiluv qarori qabul qilingan.
Bir soʼz bilan aytganda, kredit mablagʼi olgandan keyin oʼz vaqtida toʼlamoq lozim, aks holda kredit qarzdorlik boʼyicha undiruv garovga qoʼyilgan mol-mulklarga qaratiladi.

Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi 
Maxmudov Bexzod Ulugʼmurodovich