Yangiliklar
  • 26 06, 2024

Da'vogarning sud zaliga kelmasligi.

Daʼvogar birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni oʼzining ishtirokisiz koʼrilishi toʼgʼrisida arz qilmagan boʼlsa, sud daʼvo arizasini koʼrmasdan qoldiradi!

Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi “Bank” manfaatida Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar yakka tartibdagi tadbirkor Аxmedov Ravshan Mirzakaxarovich hisobidan 6 003 916 soʼm muddati oʼtgan asosiy kredit qarz, 58 603 soʼm foiz qarzni hamda pochta xarajatini undirishni soʼragan.
Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi va bank ish muhokamasining vaqti va joyi toʼgʼrisida tegishli tarzda xabardor qilingan boʼlsada, u (lar)ning vakil (lar)i sud majlisiga kelmadi hamda daʼvo yuzasidan oʼz fikr-mulohazalarini taqdim etmadi.
Oʼzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (keyingi oʼrinlarda —IPK) 128-moddasi ikkinchi qismi 4-xatboshisiga binoan ajrimning koʼchirma nusxasi sud tomonidan elektron pochta orqali yoki xabardor qilinganlik faktini tasdiqlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda yuborilgan kundan eʼtiboran uch kun oʼtgan boʼlsa iqtisodiy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi sud tomonidan tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi.
Sudning 2023 yil 28 avgustdagi ishni 2023 yil 11 sentyabrь kuni soat 14-30ga tayinlash toʼgʼrisidagi ajrimning koʼchirma nusxasi palata va bankning yuridik manziliga yuborilgan.
IPKning 170-moddasi ikkinchi qismiga binoan ish muhokamasining vaqti va joyi toʼgʼrisida tegishli tarzda xabardor qilingan daʼvogar sud majlisiga kelmasa, daʼvogarning ishni uning yoʼqligida koʼrish toʼgʼrisidagi arizasi boʼlgan taqdirda, nizo uning yoʼqligida hal qilinishi mumkin, shuningdek uchinchi qismiga asosan ish muhokamasining vaqti va joyi toʼgʼrisida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar, uchinchi shaxslar sud majlisiga kelmasa, nizo ularning yoʼqligida hal qilinishi mumkin.
Biroq, palata va daʼvogar ishni uning yoʼqligida koʼrish toʼgʼrisidagi arz qilmagan.
Sud, ishda ishtirok etuvchi javobgarning tushuntirishlarini tinglab, ishdagi mavjud hujjatlarni oʼrganib chiqib, quyidagi asoslarga palataning daʼvo arizasini koʼrmasdan qoldirishni lozim topadi.
IPKning 13-moddasi birinchi qismiga asosan sud ishlarni Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qiladi.
IPKning 107-moddasi 6-bandiga binoan agar daʼvogar birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni oʼzining ishtirokisiz koʼrilishi toʼgʼrisida arz qilmagan boʼlsa, sud daʼvo arizasini koʼrmasdan qoldiradi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, palataning daʼvogar manfaatida javobgar hisobidan 6 003 916 soʼm muddati oʼtgan kredit qarz va 58 603 soʼm foiz qarzini undirish haqidagi 2023 yil 28 iyuldagi SR-09/9160-sonli daʼvo arizasi sudga shaxsan topshirilgan boʼlib, sudning 2023 yil 28 avgustdagi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish, ish qoʼzgʼatish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʼgʼrisidagi ajrimiga asosan daʼvo ariza oldindan davlat boji toʼlovisiz ish yuritishga qabul qilinib, 4-1201-2301/2694-sonli ish qoʼzgʼatilgan va ishni koʼrish 2023 yil 11 sentyabrь kuni soat 14-30da Guliston shahar, Birlashgan koʼchasi, 7-uyda joylashgan Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi binosida boʼladigan ochiq sud majlisi muhokamasida koʼrib chiqish uchun tayinlangan.
Sudning 2023 yil 28 avgustdagi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish, ish qoʼzgʼatish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʼgʼrisidagi ajrimi 2023 yil 28 avgustda palata, daʼvogar va javobgarga gibrid pochta orqali yuborilgan va ushbu ajrim 2023 yil 4 sentyabrda palata tomonidan va daʼvogar(bank) tomonidan 2023 yilda 30 avgustda qabul qilib olingan. 
Biroq, palata va daʼvogar ish muhokamasining vaqti va joyi toʼgʼrisida tegishli tarzda xabardor qilingan boʼlsada, u (lar)ning vakil (lar)i sud majlisiga kelmadi, shuningdek ishni oʼzining ishtirokisiz koʼrilishi toʼgʼrisida arz qilmagan
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2019 yil 24 maydagi “Birinchi instantsiya sudi tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qoʼllashning ayrim masalalari toʼgʼrisida”gi 13-son qarori 31-bandi uchinchi xatboshisida agar daʼvogar birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni oʼzining ishtirokisiz koʼrilishi toʼgʼrisida arz qilmagan boʼlsa, u holda IPKning 107-moddasi 6-bandiga muvofiq daʼvo koʼrmasdan qoldirilishi haqida tushuntirish berilgan.
Qayd qilinganlarni inobatga olib, sud palataning daʼvo arizasini koʼrmasdan qoldirishni lozim topadi.
IPKning 118-moddasi birinchi qismiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020 yil 19 dekabrdagi “Iqtisodiy ishlar boʼyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʼgʼrisida”gi 36-son qarori 3-bandida ish yuritishni tugatish toʼgʼrisidagi, daʼvoni koʼrmasdan qoldirish toʼgʼrisidagi, sud jarimalarini solish toʼgʼrisidagi ajrimlar ustidan davlat boji undirilishi haqida tushuntirish berilgan.
Oʼzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʼgʼrisida”gi Qonuni 5-moddasi 2-bandiga asosan daʼvoni koʼrmasdan qoldirish toʼgʼrisidagi daʼvo arizalaridan davlat boji undiriladi, shu bois sud, ushbu Qonunning 9-moddasi birinchi qismi 2-bandiga asosan palataning daʼvo arizasi oldindan davlat boji toʼlovisiz ish yuritishga qabul qilinganligini inobatga olib, daʼvogar hisobidan 330 000 soʼm davlat boji undirishni, oldindan toʼlangan 33 000 soʼm pochta xarajatlarini esa daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Xulosa qilib aytadigan boʼlsak, daʼvogar belgilangan tartibda sud majlisiga kelishi kerak, aks holda daʼvo ariza koʼrmasdan qoldirilib, daʼvogar hisobidan davlat boji undirilishiga sabab boʼladi.

Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi 
Maxmudov Bexzod Ulugʼmurodovich