Bilarmidingiz?
Bilarmidingiz?
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, kam ta’minlangan shaxslar, (agar ular fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar, ma’muriy ishlar bo‘yicha arizachilar, ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar va jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar bo‘lsa), ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, (ularga “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda), o‘z huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar hamda Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi davlat tomonidan bepul yuridik yordam bilan ta’minlanadi.
Bunda, kam ta’minlangan shaxslarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash hamda to‘lash to‘g‘risidagi, ishga tiklash haqidagi, ish haqini undirish to‘g‘risidagi, alimentlarni undirish haqidagi, uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish va ko‘chirish to‘g‘risidagi, mehnatda mayib bo‘lganlik yoki sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchining vafot etganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi va Fuqarolik kodeksining 991-moddasida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlarining va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha bepul yordam ko‘rsatiladi.
Ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslarga esa tashxis qo‘yish, davolash va reabilitatsiya qilish, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash va jinoyat, fuqarolik ishlari va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud-psixiatriya ekspertizasini o‘tkazish chog‘ida ko‘rsatiladi.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida davlat hisobidan yuridik yordam xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning quyidagi, ya’ni davlat fuqarolik xizmati sohasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda, iqtisodiy sohada hamda tadbirkorlik faoliyatida, mehnat munosabatlarida, ijtimoiy himoya sohasida, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida va ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatiladi.
Qonunga asosan davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reestriga kiritilgan advokatlar tomonidan maxsus vakolatli davlat organi va advokat o‘rtasida elektron shaklda tuziladigan shartnoma asosida ko‘rsatiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Guliston tumanlararo sudining sudyasi D. Burxonov