Yangiliklar
  • 21 12, 2024

Iqtisodiy sudlarda sud muhokamasining oshkoralik prinsipi nima? Qaysi hollarda ish yopiq sud majlisida ko‘rilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining
11-moddasiga ko‘ra, iqtisodiy sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkaziladi.

Sud muhokamasi oshkoraligi jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi, odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi.

Sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini fuqarolarning tili, jinsiy, irqiy, milliy mansubligi, diniy, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeiga qarab cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Biroq, Davlat sirini, tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash zarur bo‘lgan taqdirda ishni yopiq sud majlisida eshitishga yo‘l qo‘yiladi. Ishni yopiq sud majlisida videokonferensaloqa rejimida eshitishga yo‘l qo‘yilmaydi, bunday majlisning audio- va videoyozuvlari amalga oshirilmaydi.

Davlat sirini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida ishning yopiq sud majlisida muhokama qilinishiga, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishda davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga oid ma’lumotlar mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari – davlat, harbiy va xizmat sirlarini qamrab oladi.

Oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy ta’sir etishi yoki O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar davlat sirini tashkil etadi.

Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli Kuchlari uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harbiy xususiyatga ega ma’lumotlar harbiy sirni tashkil etadi.

Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi.

Shuningdek, ish tijorat sirini saqlash maqsadida yopiq sud majlisida, basharti bunday ma’lumotga ega bo‘lgan va tegishli iltimosnoma kiritgan shaxs O‘zbekiston Respublikasining “Tijorat siri to‘g‘risida”gi Qonuni 10-moddasiga muvofiq, tijorat sirini muhofaza qilish chora-tadbirini ko‘rgan bo‘lsa, muhokama qilinishi mumkin.

Bular haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida” Plenum qarorida ham tushuntirishlar berilgan.

Iqtisodiy sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsa-da, lekin sud muhokamasi oshkoraligi, sud faoliyatiga doir axborotni olish sud ishlarini yuritish vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishi va sudlov faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga olib kelmasligi lozim.

Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasiga ko‘ra, sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi.

Zero, sudya sud qarori qonuniy kuchga kirmagan ish bo‘yicha intervyu berishga yoxud ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishga haqli emas.

 

Guliston tumanlararo

iqtisodiy sudining sudyasi

M.Xolikov

 

Guliston tumanlararo

iqtisodiy sudining raisi B.Maxmudov