Yangiliklar
  • 21 12, 2024

Tuzilmagan bitim nima?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 113-moddasida nizoli va o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitimlarga tushuntirish berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, nizoli bitim bu – bitimni sud haqiqiy emas deb topganligi sababli haqiqiy emas deb hisoblanadi.

O‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim esa - sud tomonidan bitim haqiqiy emas deb topilishidan qat’i nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Biroq, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda tuzilmagan bitim tushunchasi ham mavjud.

Tuzilmagan bitim haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi fuqarolik qonunchiligi normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 2014 yil 28 noyabrdagi 269-sonli qarorida batafsil tushuntirish berilgan.

Mazkur Plenum qarori tushuntirishlariga muvofiq bitimnini tuzish uchun qonunchilikda belgilangan zarur shartlar mavjud bo‘lmagan (qonunchilikda ko‘rsatilgan barcha muhim shartlar bo‘yicha kelishuvning mavjud emasligi, oferta yo‘llagan shaxs tomonidan aksept olinmaganligi, mulkning topshirilmaganligi, agar uni topshirilishi qonunchilikka muvofiq shartnoma tuzish uchun talab etilsa va hokazo) bitim tuzilmagan deb tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 109-moddasiga muvofiq qonun hujjatlarida yoki taraflarning kelishuvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollardan tashqari bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

“Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining11-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik shartnomasi bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan yozma shaklda tuziladi.

Shu munosabat bilan, agar xo‘jalik shartnomasining yozma shakliga rioya qilinmagan bo‘lsa, bitim tuzilmagan hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksi 122-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ular g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Agar, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarga nisbatan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berganlik uchun haq undirish to‘g‘risidagi da’volar ko‘rilayotganda shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksi 122-moddasining uchinchi qismida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi, shartnomaning o‘z-o‘zidan haqiqiy emasligiga olib kelmaydi. Bunday holatda shartnoma tuzilmagan deb hisoblanadi.

Bitim sud tomonidan tuzilmagan deb topilgan hollarda hamda bunday bitim yuzasidan ma’lum xatti-harakatlar (mol-mulk topshirilgan yoki to‘lov to‘langan) amalga oshirilgan bo‘lsa, tuzilmagan bitim bo‘yicha majburiyatni bajargan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1023-moddasiga muvofiq asossiz orttirilgan mol-mulkni yoki to‘langan pul mablag‘larini qaytarishni talab qilish huquqiga ega.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 398, 484, 485, 577, 737 va 853-moddalariga asosan, agar shartnomalarda ushbu moddalarda nazarda tutilgan shartlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, shartnomalar tuzilmagan deb hisoblanishi haqida normalar mavjud.

 

 

Guliston tumanlararo

iqtisodiy sudining sudyasi

M.Xolikov

 

Guliston tumanlararo

iqtisodiy sudining raisi B.Maxmudov