O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021 yil “15” martdagi 85-um-son buyrug‘iga
19-ILOVA
Sirdaryo viloyati yuridik texnikumining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan texnikumning maqomi, asosiy maqsad va vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Sirdaryo viloyati yuridik texnikumi (keyingi o‘rinlarda – texnikum) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ–3666-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
3. Texnikum – Xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim tizimi bilan integrasiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.
4. Texnikum o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Adliya vazirligi), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’at qarorlari va buyruqlari, Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi o‘rinlarda – universitet) Kengashi qarorlari va rektori buyruqlari, Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining (keyingi o‘rinlarda – adliya boshqarmasi) topshiriq va ko‘rsatmalari, shuningdek, mazkur Ustavga amal qiladi.
5. Texnikum adliya boshqarmasi tuzilmasiga kiradi.
Texnikum faoliyati mahalliy va xorijiy grantlar, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt, shu jumladan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari asosida moliyalashtiriladi.
Adliya boshqarmasi texnikum o‘quvchilarining kasbiy ta’lim jarayonida amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishda, mehnat bozorida Xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi mutaxassislarga (keyingi o‘rinlarda – mutaxassislar) bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda ko‘maklashadi.
6. Texnikum o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, notarial idoralar, FHDYO va advokatura hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
7. Texnikum yuridik shaxs hisoblanib, o‘zining mustaqil balansiga, alohida mol-mulkiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga, davlat namunasidagi blankalarga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi va boshqa hisobvaraqlariga, rekvizitlarga ega bo‘lgan, o‘z nomidan shartnomalar tuzadigan, mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarni amalga oshiradigan, yuklangan majburiyatlarni bajaradigan hamda sud, arbitraj organlarida da’vogar va javobgar bo‘ladigan ta’lim muassasasi hisoblanadi.
8. Texnikumning rasmiy nomlanishi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi: “Sirdaryo viloyati yuridik texnikumi” (Sirdaryo viloyati yuridik texnikumi), qisqartirilgan nomi – “SVYT” (SVYUT);
b) ingliz tilida:
to‘liq nomi: “Sirdarya law college”, qisqartirilgan nomi – “SRLC”;
v) rus tilida:
to‘liq nomi: “Yuridicheskiy texnikum Sыrdarinskoy oblasti”, qisqartirilgan nomi – “YUTSO”.
9. Texnikumning joylashgan joyi (pochta manzili): 120100, Guliston shahri, Ma’naviyat mahallasi, Ezgulik ko‘chasi, raqamsiz uy.
2-bob. Texnikumning asosiy maqsad va vazifalari
10. Texnikumning asosiy maqsadi:
Xalqaro tasniflagichning kamida 3 yoki 4-darajasiga mos ta’lim dasturlarini tamomlagan, umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida shakllantirilgan guruhlarda kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki, masofaviy va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash;
kadrlar buyurtmasi asosida professional kasbiy malakaga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash;
xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim tizimi bilan integrasiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlash;
o‘quvchilarni tanlangan mutaxassislik bo‘yicha zamonaviy talablarga javob beruvchi, puxta bilim, amaliy ko‘nikma va malakaga hamda yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan, intellektual jihatdan yetuk kadrlar etib tayyorlashdan iborat.
11. Quyidagilar texnikumning asosiy vazifalari hisoblanadi:
iqtisodiyot soha va tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan tor doiradagi va sohaviy mutaxassisliklar bo‘yicha tizimli fikrlash, ish yuritish, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini qo‘llash ko‘nikmalariga ega hamda xorijiy tillarni biladigan yuridik kadrlar tayyorlash;
egallagan mutaxassislik bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan, yuqori darajada sifatli bilim olishni va kasbiy tayyorgarlikni ta’minlaydigan ta’lim standartlari doirasida tanlangan mutaxassislik bo‘yicha o‘qitish;
tanlab olingan mutaxassislik bo‘yicha bir yoki bir necha kvalifikasiyani egallash jarayonida o‘quvchilarning kasbiy layoqat, ko‘nikma va malakalarini oshirish;
ta’lim jarayonini o‘quv jarayoniga ilg‘or standartlarni joriy etishga qaratilgan zamonaviy shakllar va uslublar, innovasion pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish;
o‘quv jarayoniga tegishli mutaxassislik va kasblar bo‘yicha boy ish tajribasiga ega bo‘lgan amaliyotchi mutaxassislarni keng jalb etgan holda yuridik ta’lim va huquqni qo‘llash amaliyotining o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlash;
mutaxassislarni tayyorlash tizimi va mazmunini jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat va zamonaviy innovasion texnika yutuqlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish;
o‘quvchilarda vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash, xalqning milliy, madaniy, tarixiy an’analariga hurmat, Vatan bilan g‘ururlanish va iftixor tuyg‘usini shakllantirish;
zamonaviy innovasion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, o‘quvchilar amaliyotini tashkil etish uchun tegishli hududlardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqa tashkilotlar, ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish;
o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan yangi avlod darsliklari, maxsus o‘quv-uslubiy adabiyot yaratishda ishtirok etish;
o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va usullaridan foydalangan holda kamol toptirish;
ta’lim standartlari talablariga ko‘ra o‘quvchilar egallashi lozim bo‘lgan malaka va ko‘nikmalarni o‘quvchilar ongiga singdirish;
o‘qituvchi, ta’lim oluvchilarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini joriy etish, ularning bilim olishi, turmushi va dam olishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish;
ta’lim jarayoni uchun zarur moddiy-texnika, o‘quv-metodik bazani yaratish va o‘quv jarayoniga yuqori ish tajribasiga ega bo‘lgan amaliyotchi mutaxassislarni jalb etib borish.
Texnikum qonun hujatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Texnikumning huquq va majburiyatlari
12. Texnikum:
O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan vakolati doirasida shartnomalar va normativ hujjatlar tuzish;
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan va ushbu Ustavga zid bo‘lmagan faoliyatni amalga oshirish;
ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish maqsadida o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tanlovlarni tashkil etish;
respublika iqtisodiyoti, xo‘jalik va xizmat ko‘rsatish sohasida mutaxassislarga bo‘lgan talab va real ehtiyojlar asosida belgilangan tartibda tegishli mutaxassislar tayyorlovchi qo‘shimcha yo‘nalishlar, shartnoma asosida kasbga tayyorlovchi qisqa muddatli o‘quv kurslari ochish;
texnikum o‘quvchilarining kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish maqsadida pullik xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushgan mablag‘larni texnikumning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga va ta’lim-tarbiya jarayonini zamonaviy o‘quv-texnik vositalar, mebellar bilan ta’minlashga, texnikum xodimlarini ijtimoiy himoyalashga va ularning faoliyat samaradorligini oshirishni rag‘batlantirishga sarflash huquqiga ega.
Texnikum qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
13. Texnikum:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim-tarbiya sohasidagi farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va farmoyishlari, Adliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining va boshqa vakolatli davlat organlarining tegishli hujjatlarida belgilangan vazifalarni bajarishga;
texnikumning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘laridan samarali foydalanish hamda mablag‘ bilan ta’minlashning muqobil manbalarini, shu jumladan, tashkilotlar, homiylar mablag‘larini, xorijiy investisiyalarni jalb etishga;
5
ta’lim standartlari, o‘quv rejasi va fan (modul) dasturlari asosida yuqori sifatli o‘rta maxsus professional ta’limni berishga;
texnikum axborot-resurs markazi fondini umumiy o‘quvchilar sonini hisobga olgan holda zamonaviy talabga javob beradigan darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar (shu jumladan, badiiy adabiyotlar) majmui bilan yetarli darajada muntazam ravishda to‘ldirib borishni ta’minlash hamda o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasion texnologiyalarini joriy etishga;
texnikum o‘qituvchilari malakasini oshirish, tajriba almashinuvini tashkil etish va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga;
ta’lim jarayoni qatnashchilarini ijtimoiy himoya qilishga;
pedagogik faoliyatning sifati, ijtimoiy maqomi, nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirish borasida faoliyat ko‘rsatishga;
mehnat muhofazasi talablariga javob beradigan ta’lim-tarbiya va mehnat sharoitlarini yaratishga majbur.
Texnikum qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Ta’lim oluvchilar
14. Texnikumga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15. Qonun hujjatlariga muvofiq o‘qishga qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar texnikum o‘quvchisi hisoblanadi.
16. O‘qishda erishgan yutuqlari, o‘quv-ishlab chiqarish, ijodiy faoliyat va texnikumning boshqa ishlarida faol qatnashgan o‘quvchilarga moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning turli xil shakllari qo‘llaniladi.
17. Texnikum o‘quvchilari:
texnikum faoliyatiga doir masalalarni muhokama va hal etishda bevosita yoki bilvosita (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari orqali) ishtirok etish;
belgilangan tartibda adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktorning buyruqlari ustidan shikoyat qilish;
ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’limni davom ettirishini to‘xtatish bo‘yicha texnikum rahbariyatiga murojaat qilish;
kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan turli ko‘rik-tanlovlarda belgilangan tartibda ishtirok etish;
ish beruvchilar tomonidan tavsiya qilingan ish joylarida ishlash bo‘yicha murojaat qilish;
fan, texnika va zamonaviy madaniyatning rivojlanishiga mos bilimlarni olish;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining texnikumdagi boshlang‘ich tashkilotiga saylash va saylanish, ta’lim muassasasi faoliyatiga tegishli muhim masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
o‘quv-tarbiya jarayonida belgilangan tadbirlarni o‘tkazishda xona va o‘quv xonalari, laboratoriya, axborot-resurs markazi va ta’lim muassasasining boshqa tarmoqlaridan bepul foydalanish;
o‘qishini boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirish;
akademik ta’til olish;
o‘qishini qayta tiklash;
qonun hujjatlariga muvofiq ta’lim muassasasining tegishli yo‘nalishlarida ta’limni davom ettirish;
ta’lim olishda o‘rta maxsus professional ta’lim dasturida va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlardan foydalanish huquqiga ega.
O‘quvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanishlari mumkin.
18. Texnikum o‘quvchilari:
ta’lim standartlarida belgilangan talablarni o‘quvchilar belgilangan muddatlarda bajarishi hamda bilim va ko‘nikmalarni egallash;
o‘quv reja va dasturlarida nazarda tutilgan talablarni belgilangan muddatlarda bajarish hamda bilimlarni egallash;
uzrsiz sabablarga ko‘ra dars mashg‘ulotlarini qoldirmaslik;
mazkur Ustav, texnikumning Ichki tartib-qoidalari, Odob-axloq qoidalariga hamda o‘quv intizomiga rioya qilish;
texnikum binolari va uning mol-mulkini asrab-avaylash;
to‘lov-kontrakt bo‘yicha majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishga majbur.
Texnikum o‘quvchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
5-bob. O‘quv-tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar
19. Texnikum “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus professional ta’lim asosida o‘qitishni amalga oshiradi.
Texnikumda ta’lim berish kamida 2 yil muddatda kunduzgi, kechki, masofaviy va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bunda, kechki, masofaviy va sirtqi ta’lim shaklida o‘qish muddati va semestrlar davomiyligi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan me’yorlar asosida shakllantiriladi.
20. Ta’limning mazmuni Davlat ta’lim standartlari asosida universitet tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv reja va dasturlar asosida belgilanadi.
Har bir mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlarning tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar Davlat ta’lim standartlariga mos bo‘lgan kasblar tasniflagichida belgilanadi.
21. Texnikumda ta’lim jarayoni kredit-modul tizimi asosida huquqshunoslik fanlari bo‘yicha o‘quvchilarda tizimli fikrlash, ish yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish, prosessual hujjatlar tuzish qobiliyatini shakllantirish, chet tillar bo‘yicha o‘quv yuklamasini oshirish nazarda tutilgan holda va ish beruvchilarning zamonaviy tendensiyalari hamda ehtiyojlarini hisobga olishga qaratilgan, chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan o‘quv rejasi, dasturi hamda o‘quv-metodik materiallar bo‘yicha tashkil etiladi.
22. Texnikumda o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlarini bajarish qonun hujjatlarida belgilangan davrda amalga oshiriladi.
Texnikumda:
o‘quvchilar o‘qitish kurslari bo‘yicha guruhlarga birlashtiriladi;
guruhlarni to‘ldirish, o‘qituvchilarning o‘quv yuklamasi va o‘quv-tarbiya jarayonini belgilash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
23. Guruhlarda o‘quvchilar soni o‘rta maxsus professional ta’limga mo‘ljallangan davlat ta’lim standartlariga muvofiq belgilanadi.
24. Texnikumda, qoida tariqasida, o‘quv mashg‘ulotlarining ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulot kabi turlari belgilanadi.
25. Ta’lim-tarbiya ishlari tegishlicha davlat va rus tillarida olib boriladi.
26. O‘quv yilining boshlanishi, tugallanishi, haftalik yuklama, imtihon va ta’tillarning muddati, davomiyligi, shuningdek o‘quv jarayoni yakunlanish shakllari va amaliyot turlari o‘quv rejalari hamda belgilangan normativ hujjatlar asosida belgilanadi.
27. O‘quvchilarning bilim saviyasi va o‘zlashtirish darajasining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini ta’minlash uchun tegishli nazorat turlari, shu bilan birga, o‘qishni tamomlashda yakuniy davlat attestasiyasi o‘tkaziladi.
28. Texnikum o‘quvchilarining nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini belgilangan reyting tizimi asosida baholash Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlangan nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
29. Har bir kursda o‘qish tugagandan keyin nazoratlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarni keyingi kursga o‘tkazish, kursda qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. O‘quvchilarni kursdan kursga o‘tkazish, kursda qoldirish adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktorning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Kursdan kursga shartli ravishda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kursda qoldirilgan o‘quvchilar yangi o‘quv yili boshlangunga qadar qonun hujjatlariga muvofiq qayta tiklanadi.
30. O‘quv reja va fan (modul) dasturlarning barcha talablarini bajargan bitiruvchi kurs o‘quvchisi yakuniy davlat attestasiyasiga qo‘yiladi.
31. Texnikum bitiruvchilariga davlat ta’lim standartlariga muvofiq, o‘rta maxsus professional ta’limdagi yo‘nalishlar, kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha malaka darajasi ko‘rsatilgan holda, o‘rta maxsus professional ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.
Diplomlarga o‘zlashtirilgan fanlar (kurslar), soatlar hajmi va ular bo‘yicha kreditlar, shuningdek bitiruvchining umumiy reytingi va yakuniy davlat attestasiyasi natijalari ko‘rsatilgan holda qo‘shimcha varaq ilova qilinadi.
Texnikumni tugatganlik to‘g‘risidagi diplom olingan mutaxassislikka muvofiq mehnat faoliyatini amalga oshirish hamda oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish huquqini beradi.
Davlat attestasiyasidan o‘tmagan texnikum bitiruvchilariga esa ta’lim darajasiga talab qo‘yilmaydigan ishga joylashish hamda uch yil mobaynida takroriy davlat attestasiyasidan qayta o‘tish huquqini beradigan ta’lim muassasasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma beriladi.
32. Texnikum bitiruvchilari ichidan belgilangan talablarga javob beruvchi eng munosiblarini qonun hujjatlariga muvofiq o‘qishning tugashidan so‘ng uch yil davomida uzluksiz ishlab berish majburiyatini olgan holda Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan o‘rinlar doirasida universitetga kirish test sinovlarisiz yakka tartibdagi suhbat o‘tkazish orqali qabul qilish uchun yo‘llanma beriladi.
Yo‘llanma berish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
33. Texnikumda ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-tarbiyaviy ishlar umumbashariy qadriyatlarga va milliy an’analarga asoslanadi.
Texnikumda O‘zbekiston mustaqilligi tamoyillariga sadoqatli hamda jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga qodir shaxsni tarbiyalash o‘quv jarayoni bilan uzviy ravishda oila, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoat tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladi.
34. Texnikumda yosh avlodni ma’naviy-ahloqiy, milliy g‘oyalarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil dunyoqarashga va fikrlashga ega bo‘lgan ma’naviy boy va har tomonlama kamol topgan shaxsni shakllantirishda milliy-madaniy, tarixiy an’analarga, urf-odatlar hamda umumbashariy
qadriyatlarga asoslangan tarbiyaviy ishlarning turli xil shakllari qo‘llaniladi.
35. Texnikum o‘quvchilarida ta’lim muassasasi va tanlagan kasbni egallash bo‘yicha berilgan imkoniyatlaridan g‘ururlanish hissini oshirishga, bilim olish va madaniyat darajasini yuksaltirishga qaratilgan turli xil tadbirlar tashkil qilinadi.
36. Texnikumda ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish sohasida:
vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalariga sadoqatli hamda jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga qodir shaxsni tarbiyalash o‘quv jarayoni bilan uzviy ravishda oila, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi va boshqa jamoat tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladi;
yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda xalqning boy milliy-madaniy, tarixiy an’analariga, urf-odatlariga asoslangan tarbiyaviy ishlarning turli shakllarini ommalashtirish maqsadida texnikumning veb-sayti va ijtimoiy sahifalarini yaratish yo‘lga qo‘yiladi;
o‘quvchilarning o‘z intellektual darajasini oshirishlari uchun badiiy adabiyotlarni o‘qishga qiziqtirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ‘ibot ishlarini olib borish yangi adabiy kitoblarning taqdimotini uyushtirish va targ‘ib qilish orqali amalga oshiriladi;
texnikum o‘quvchilarida muloqot madaniyatining zamonaviy shakllarini yaratish maqsadida tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda bahs-munozaralar va davra suhbatlari uyushtiriladi;
chet tillaridagi badiiy adabiyotlar, ilmiy materiallarni o‘rganish va ta’lim-tarbiyaga tatbiq etish maqsadida videoroliklar, bukletlar, flayerlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
yosh avlodni ma’naviy-axloqiy, milliy g‘oyalarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil dunyoqarashga va fikrlashga ega bo‘lgan ma’naviy boy va har tomonlama kamol topgan shaxsni shakllantirishda milliy-madaniy, tarixiy an’analarga, urf-odatlar hamda umumbashariy qadriyatlariga asoslangan tarbiyaviy ishlarning turli xil shakllari qo‘llaniladi;
o‘quvchilarda ta’lim muassasasi va tanlagan kasbni egallash bo‘yicha berilgan imkoniyatlardan g‘ururlanish hissini oshirishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqiladi;
o‘quv yilining birinchi kuni vazirlik, hokimiyat, hududiy kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi, oliy ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘quvchilarning tantanali saflanishi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini olib chiqish, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlanadi va belgilangan tadbir asosida davom ettiriladi;
birinchi mashg‘ulot O‘zbekiston Respublikasining milliy mustaqillik g‘oyalariga bag‘ishlanadi;
texnikumda guruh murabbiylarini o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan ishlash mexanizmi yaratiladi;
o‘quvchilarning elektron o‘quv resurslaridan onlayn rejimda foydalanish ta’minlanadi;
texnikumning zamonaviy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi yaratiladi;
texnikumning ta’lim va sport to‘garaklari, axborot-resurs markazida o‘quvchilarning bilim olishi va madaniyati darajasini yuksaltirish bo‘yicha doimiy monitoring tizimini yo‘lga qo‘yiladi;
texnikumda o‘quvchilar muloqot qilishining zamonaviy shakllarini yaratish maqsadida tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda bahs-munozaralar klublari, o‘quvchilarni qiziqtirgan mavzular bo‘yicha kollokviumlar tashkil qilinadi;
bilim olishga intilish, o‘z intellektual darajasini oshirish, badiiy kitoblar o‘qishga qiziqish va turli yoshlar tadbirlarini o‘tkazishga da’vat etadigan targ‘ibot, shu jumladan chet tillardagi materiallar (videoroliklar, plakatlar, bukletlar, flayerlar va boshqalar) tayyorlanadi;
o‘quvchilarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini, ijtimoiy faolligini oshirish, adabiy kitoblar o‘qishga qiziqtirish va turli yoshlar tadbirlarini o‘tkazish maqsadida yoshlar faollarini ular bilan ishlashga jalb qilish choralari ko‘riladi;
Adliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, universitet, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirokida yoshlarga oid muhim masalalarni muhokama etish uchun muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazib boradi.
6-bob. Texnikumga rahbarlik qilish va o‘quv-uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirish
37. Adliya boshqarmasi texnikum faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, nazoratni tashkil etadi, tashkiliy-kadrlar va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘radi.
Universitet texnikum o‘quv-uslubiy jarayonini muvofiqlashtiradi hamda ularga amaliy va axborot-resurs ta’minoti jihatidan yordam ko‘rsatadi.
38. Universitet:
a) texnikum o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha:
“yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy standartlarni hisobga olgan holda o‘rta maxsus professional ta’lim mutaxassisliklari va kasblari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va fan (modul) dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
texnikumni o‘quv-metodik jarayonni tashkil etish sohasidagi yangiliklar haqida, shu jumladan, sayyor maslahatlarni o‘tkazish orqali doimiy xabardor qilishni yo‘lga qo‘yadi;
ta’lim jarayonida o‘quvchilarning mantiqiy va tizimli fikrlash, huquqiy hujjatlarni tuzish amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan yuridik fanlarni o‘qitishning zamonaviy shakl va usullarini, pedagogik, axborot-kommunikasiya, innovasion texnologiyalarni qo‘llashda ko‘maklashadi;
texnikum uchun mo‘ljallangan yangi avlod darsliklari, maxsus o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
b) texnikum o‘quvchilari bilim olishi va madaniyati darajasini oshirishning doimiy monitoringi olib borilishini nazarda tutadigan tizimni joriy etish bo‘yicha:
o‘quvchilarning klublar, to‘garaklar va sport seksiyalari shaklidagi ijtimoiy tadbirlarda ishtirokini tashkil etadi va hisobga olib boradi;
o‘quvchilarning axborot-resurs markazlaridan foydalanishini rag‘batlantirish choralarini ko‘radi;
texnikum faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish bo‘yicha adliya boshqarmasiga doimiy asosda amaliy ko‘maklashadi;
o‘quv jarayonini tashkil etish, uning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan Adliya vazirligiga takliflar kiritadi.
39. Texnikumni boshqarish adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor bo‘lmagan vaqtda uning vazifalarini o‘rinbosarlardan biri (lavozimiga ko‘ra) vaqtincha bajaradi.
40. Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor:
texnikum faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va texnikumga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
o‘rinbosarlar vakolatlarini belgilaydi, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, texnikumning tarkibiy bo‘linma rahbarlari vakolatlarini, ularning faoliyati uchun javobgarligini o‘rnatadi;
texnikum faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim
vazirligi Hay’at qarorlari va buyruqlari, universitet Kengashi qarorlari va rektori buyruqlari, adliya boshqarmasining topshiriq va ko‘rsatmalarini amalga oshirishni tashkil etadi;
qonun hujjatlariga asosan texnikum nomidan ish olib boradi, barcha tashkilotlarda uning vakili sifatida qatnashadi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi;
texnikum tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
texnikum o‘qituvchi va xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
texnikum tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
texnikum xodim va o‘quvchilari uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
texnikumning tashkiliy va moliyaviy faoliyati masalalarini hal qiladi;
texnikumning mol-mulkiga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish bo‘yicha belgilangan tartibda qarorlar qabul qiladi;
texnikumning shtat jadvallari va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
texnikum o‘qituvchi va boshqa xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, o‘rnak ko‘rsatgan texnikum xodimlariga unvonlar berish va davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida takliflar kiritadi.
Texnikum qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
41. Texnikum faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rib chiqish uchun Texnikum kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) tashkil etiladi, shuningdek ota-onalar kengashi, Jamoatchilik kengashi tuziladi va faoliyat yuritadi.
Kengash to‘g‘risidagi nizom va uning ish rejasi Kengash yig‘ilishida tasdiqlanadi.
Kengash tarkibi adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor tomonidan tasdiqlanadi. Kengash tarkibiga direktor o‘rinbosarlari, kotib, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va yuqori malakali o‘qituvchilar kiradi. Kengash tarkibiga Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, universitet va boshqa manfaatdor vazirlik, tashkilot va idoralarning vakillari, yetuk mutaxassislar kiritilishi mumkin.
Kengashning reglamenti Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash qarorlarining ijrosi adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor va uning o‘rinbosarlari tomonidan ta’minlanadi.
42. Kengashning vakolatlariga quyidagilar kiradi:
texnikum faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining
qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Hay’at qarorlari va buyruqlari, universitet Kengashi qarorlari va rektori buyruqlari, adliya boshqarmasining ko‘rsatmalari va topshiriqlari ijrosi ta’minlanishini tahlil qilish;
texnikumning yillik ish rejasi, Kengashning ish rejasi va boshqa rejalarni tasdiqlash;
byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar sarf-xarajati hisobotlarini ko‘rib chiqish;
texnikum pedagogik jamoasining faoliyatini o‘quvchilarning egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarini ta’minlashga, o‘quvchilarga ta’lim berish sifatini oshirishga yo‘naltirish;
universitet bilan hamkorlikda o‘quv-uslubiy jarayonni tashkil etish, moddiy-texnik bazadan unumli foydalanish masalalarini ko‘rib chiqish;
texnikum o‘qituvchilarining yo‘nalishlar bo‘yicha axborotlari va hisobotlarini eshitish, ta’lim muassasasining sanitariya-gigiyenik holati, yong‘inga qarshi amalga oshiriladigan ishlar, mehnatni muhofaza qilish, o‘quvchilarning sog‘lig‘i va hayotiga oid hamda boshqa masalalarni muhokama qilish va qaror qabul qilish;
texnikum guruh murabbiylari faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni tinglash;
qabul komissiyasining texnikumga o‘quvchilarni qabul qilish yuzasidan hisobotini eshitish;
o‘quvchilarga ta’lim berishda o‘qitishning ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanishni tatbiq etish choralarini ko‘rish;
o‘quvchilarni yuksak ma’naviy-axloqiy, umuminsoniy va milliy ruhda, o‘z Vatani, xalqini ardoqlovchi, tinchlik va barqarorlikka qaratilgan milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish va joriy etish;
texnikumda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
o‘quvchilarni kursdan kursga o‘tkazish, kursda qoldirish, chetlashtirish, o‘qishga tiklash, Yakuniy davlat attestasiyasi imtihonlariga qo‘yish, bitiruvchilarga o‘qishni tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplomlar, shu jumladan, ularning dublikatini berish masalalarini ko‘rib chiqish;
bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanganlik holatini tahlil etish;
yuqori malakali pedagoglarning ish tajribalarini o‘rganish va ommalashtirish, ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish, yosh pedagog o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish;
o‘z vakolati doirasida lokal hujjatlarni tasdiqlash va ularning bajarilishini nazorat qilish;
chin yetim, yetim, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilarni har tomonlama ijtimoiy himoya qilish;
o‘quvchilar turar joylari uchun oylik to‘lov miqdorlarini belgilash, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilarni ushbu to‘lovlardan ozod qilish;
direktor o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linma rahbarlarining hisobotlarini eshitish.
Kengash kollegial muhokama qilish talab etiladigan, texnikum faoliyatiga taalluqli bo‘lgan boshqa har qanday masalani ham ko‘rib chiqish va uning yuzasidan qaror qabul qilish huquqiga ega.
43. Texnikumda fan kafedralari va universitetning kafedra filiallari tashkil etiladi.
Tashkil etilgan kafedralar ular faoliyati to‘g‘risidagi nizomlar bilan tartibga solinadi.
44. Texnikumning o‘qituvchilari va universitet kafedralarining professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ta’lim sifatini oshirish borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
45. Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor texnikumdagi o‘quv-tarbiya va ilmiy-metodik ishlar samaradorligi bo‘yicha universitetning kengashida hisobot beradi.
Universitet kengashi yig‘ilishlarida adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor ishtirok etadi.
7-bob. Texnikum xodimlari
46. Texnikumda pedagog, boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlar faoliyat yuritadi.
47. Belgilangan talablarga muvofiq tegishli oliy ma’lumotga, kasb tayyorgarligi va zamonaviy talablarga javob beradigan, yuksak malaka, professional tayyorgarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar texnikumda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
Sud qarori bilan o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarida ishlashi taqiqlangan shaxslarning texnikumda faoliyat olib borishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
48. Texnikumga xodimlarni ishga qabul qilish adliya organlari va muassasalari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari o‘rindoshlik asosida yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soatbay ish haqi to‘lash shartlari asosida pedagogik faoliyatga jalb etilishi mumkin.
49. Rahbariyat, pedagog, boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarning huquq va majburiyatlari texnikumning ichki tartib-qoidalari, odob-axloq qoidalari va lavozim yo‘riqnomalarida belgilanadi.
50. Texnikumning o‘qituvchi va boshqa xodimlar tarkibini davriy attestasiyadan o‘tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
51. Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktorning o‘rinbosarlari Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
8-bob. Nodavlat notijorat tashkilotlari
52. Texnikumda o‘quvchilar, rahbariyat, o‘qituvchi, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tuzilishi mumkin.
Ushbu tashkilotlar o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq olib boradi.
53. Texnikum tarkibida kasaba uyushmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, murabbiylar kengashi va ta’lim-tarbiya jarayoniga daxldor bo‘lgan boshqa jamoat tuzilmalari tashkil etiladi.
54. Yoshlar ittifoqining texnikumdagi boshlang‘ich tashkiloti o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, yoshlarni ixtiyoriy ravishda birlashtiradi hamda oshkoralik va adolat tamoyillari asosida ish yuritadi.
55. Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va tegishli qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti nizomi asosida faoliyat ko‘rsatadi.
56. Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining maqsad-vazifalari texnikum yoshlarini birlashtirish, sog‘lom turmush tarzi asosida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rin egallashga ko‘maklashish, ularning manfaatlarini har tomonlama himoya qilishdan iboratdir.57. Texnikum xodimlari va o‘quvchilarining ko‘ngilli jamoat birlashmasi sifatida Kasaba uyushmasi qo‘mitasi e’tirof etiladi.
58. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuniga va boshqa tegishli normativ hujjatlarga muvofiq ish ko‘radi.
16
9-bob. Texnikum bitiruvchilarini ishga joylashtirish va bandligini ta’minlash
59. Texnikum bitiruvchilarini ishga joylashtirish va bandligiga ko‘maklashish bitiruvchilar va ularning ota-onalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, shu jumladan mehnat va aholi bandligi organlari, vasiylar hamda adliya organlarining sa’y-harakatlari bilan amalga oshiriladi.
Texnikum bitiruvchilarini ishga joylashtirish va bandligiga ko‘maklashishda:
hududdagi o‘rta maxsus professional ta’lim ma’lumotli yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish hamda shundan kelib chiqib bitiruvchilarni ishga taqsimlash;
texnikum, mahalliy davlat hokimiyati organlari, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
yangi ish o‘rinlari yaratish ishlarini tashkil etishda tegishli tashkilotlar ishtirokida texnikum bitiruvchilari uchun ish o‘rinlarining kasbiy tarkibini aniqlash;
ish beruvchilar va texnikum bitiruvchilarini jalb etgan holda ish o‘rinlarining muntazam yarmarkalarini o‘tkazish;
bitiruvchilarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda ko‘maklashish maqsadida ular uchun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining hududiy organlari ishtirokida biznes-loyihalarni ishlab chiqish, bitiruvchilarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va o‘zini o‘zi ish bilan band etish darajasini oshirish maqsadida imtiyozli kreditlar berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
60. Texnikum, mahalliy davlat hokimiyati organlari, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi shartnomalarni tuzish, qayta tuzish o‘quvchilar ta’lim olishining butun davri jarayonida, shuningdek oraliq va davlat attestasiyasi yakunlari bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
10-bob. Texnikumning moliya-xo‘jalik faoliyati
61. Texnikum faoliyatini moliyalashtirish manbalari quyidagilar:
Texnikumda kam ta’minlangan oilalardan o‘quvchilar, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, I guruh nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarning ta’lim olishi bilan bog‘liq, shuningdek texnikumni zarur o‘quv va sport uskunalari, kompyuter texnikasi va axborot-resurs fondi bilan jihozlash xarajatlarini moliyalashtirishga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
Adliya vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari;
17
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining byudjetdan tashqari mablag‘lari;
o‘quvchilarni to‘lov-kontrakt, shu jumladan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
pulli ta’lim xizmatlari ko‘rsatishdan, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish faoliyatidan va kasb-hunar ta’limi muassasalarining ustavda qayd etilgan vazifalariga muvofiq bo‘lgan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlaridan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriya yordamlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
62. Texnikumning moliyaviy mablag‘i uning to‘liq ixtiyorida bo‘lib, qonun bilan belgilangan tartibda ta’lim muassasasining ehtiyojini qondirishga ishlatiladi.
63. Bino, xonalar mehnatni muhofaza qilish talablariga, sanitariya-gigiyena me’yorlariga va yong‘in xavfsizligi qoidalariga muvofiq jihozlanadi va foydalaniladi.
64. Texnikum o‘z faoliyati natijalarining buxgalteriya hisobini belgilangan tartibda amalga oshiradi, moliya va statistika hisobotlarini yuritadi hamda uni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda Adliya vazirligi va boshqa tegishli organlarga taqdim etadi.
65. Texnikumning moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilish qonun hujjatlariga muvofiq vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
11-bob. Yakuniy qoidalar
66. Texnikum qonun hujjatlariga muvofiq ta’lim masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish huquqiga ega.
Texnikum qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xorijiy fuqarolarni o‘qitishi mumkin.
67. Texnikumni qayta tashkil etish yoki tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.